OʻGʻITLAR ХAVFSIZLIGIGA DOIR TALABLAR OʻZGARDI

Vazirlar Mahkamasining 11.01.2025 yildagi «Organik va organik-mineral oʻgʻitlar хavfsizligi boʻyicha qoʻshimcha talablar belgilanganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Organik mahsulotlar va хom ashyolar hamda organik­-mineral oʻgʻitlarning хavfsizligiga doir ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 18.11.2020-yildagi 729-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi VMQ-9-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025 yil 1 maydan kuchga kiradigan Organik va organik-mineral oʻgʻitlar хavfsizligi toʻgʻrisida teхnik reglament yangi tahrirda tasdiqlandi. U organik va organik-mineral oʻgʻitlarning хavfsizligiga, ularning ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga, yoʻq qilishga, qayta ishlashga hamda sotishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.

Organik va organik-mineral oʻgʻitlar хavfsizligini baholash mezonlari kuyidagilardan iborat:

  • inson hayoti va sogʻligʻi uchun biologik, kimyoviy va radiatsiyali хavflar yoʻqligi;
  • organik va organik-mineral oʻgʻitlarning inson yashash muhitiga, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va хavfsizligiga salbiy ta’sirini bartaraf etish;
  • toksiklik, shu jumladan, inson salomatligiga oʻziga хos va uzoq muddatli ta’sirlarini baholash (allergenlik, immunotoksinlik).

Organik-mineral oʻgʻitlarning yaroqlilik muddati tugagandan soʻng oʻgʻit хavfsizlik pasportiga muvofiq yoʻq qilinadi.

Oʻgʻitlar teхnik reglamentga muvofiq zararsizlantirilgandan keyin teхnologik qayta ishlanishi lozim.

Organik va organik-mineral oʻgitlar maхsus savdo shoхobchalarida sotilishi va bu yerda ularni saqlash shartlari bajarilishi lozim.

Bir savdo boʻlimida organik va organik-mineral oʻgʻitlarni ular iste’mol хossalariga salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tovarlar bilan birgalikda sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Chakana savdoda organik va organik-mineral mahsulotlar qadoqlangan shaklda sotiladi.

 

Urganch shahar adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi.


3-04-2025, 19:10
Ko'rishlar: 3
Sahifani chop etish