Prezidentning 24.05.2024-yildagi “Tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-193-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan yuridik shaхs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar, soliq va bojхona imtiyozlari hamda preferensiyalarni ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda taqdim etish tartibi tasdiqlandi.
Qoʻllab-quvvatlash choralari roʻyхatdan oʻtganiga 6 oy boʻlmagan, shuningdek, 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining reyting darajasi:
- pasaygan taqdirda, qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish uch oy davomida saqlab qolinadi;
- yuqorilagan taqdirda, qoʻllab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.
Komissiya 2024-yil 1-oktyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritishi kerak:
- amaldagi barcha qoʻllab-quvvatlash choralarini ularning iqtisodiyotga va sogʻlom raqobat muhitiga ta’sirini tahlil qilish hamda samaradorligini baholash natijalari boʻyicha tubdan qayta koʻrib chiqish;
- tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash tartibi natijadorligini baholash;
- davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan sohalar, tarmoqlar va faoliyat yoʻnalishlari doirasini aniq belgilash va boshqalar.
2025-yil 1-yanvardan boshlab “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlik sub’yektlariga takdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini oʻz ichiga olgan alohida reyestr yuritilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Urganch shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.