DAVLAT OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA OʻQISHGA QABUL QILISH BOʻYICHA DAVLAT BUYURTMASI PARAMETRLARI TASDIQLANDI
Prezidentning 19.07.2024 yildagi F-36-son farmoyishi bilan 2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.
Prezidentning 24.05.2024 yildagi "Oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PF-81-son Farmoniga muvofiq bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari boʻyicha kunduzgi ta’lim shaklida davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash tartibi joriy etildi.
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari "avval test, keyin tanlov" tamoyili asosida oʻtkaziladi.
2024/2025 oʻquv yili uchun davlat oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi:
● kunduzgi ta’lim shaklida bakalavrlar tayyorlash - 34 838 kishi;
● magistrlar tayyorlash - 9 365 kishi.
Davlat komissiyasiga bir hafta muddatda 2024/2025 oʻquv yili uchun quyidagilarni tasdiqlash topshirildi:
a) bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga qabul qilish boʻyicha:
● oliy ta’lim muassasalari, ta’lim shakllari va tillari kesimida umumiy qabul parametrlari;
● imtiyozlarga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlari;
● tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha oʻtgan oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballini hisobga olgan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish balli;
● hududlar, sohalar va tarmoqlarning buyurtmalariga muvofiq kadrlarga boʻlgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari va ushbu kvotalarning tumanlar (shaharlar) kesimida taqsimlanishi;
● ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari) kesimida har bir ta’lim yoʻnalishi boʻyicha umumiy qabul parametrlarida davlat granti kvotasining ulushi;
b) oliy ta’lim muassasalari va ta’lim tillari kesimida davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida boʻlingan holda magistratura mutaхassisliklariga qabul parametrlari.
Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish chogʻida toʻplangan ballarga qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga ega boʻlgan, 2024/2025 oʻquv yili uchun tanlangan ta’lim yoʻnalishi boʻyicha ma’lum oʻtish ballini va undan yuqori ball toʻplagan abituriyentlar toʻplangan ballarga muvofiq ravishda qoʻshimcha kvota doirasida davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Urganch shahar adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi