CHANG BOʻRONLARIGA QARSHI KURASHISH BOʻYICHA MILLIY DASTUR QABUL QILINDI

O’zbekiston Respublikasi Prezidentning 24.09.2024-yildagi “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaхshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-338-sonli qarori qabul qilindi.

 

Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasida 2024-2030-yillarda chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha Milliy dastur tasdiqlandi. Uning asosiy yoʻnalishlari:

  • 2025-2028-yillarda chang boʻronlarini prognoz qilish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, ular haqida aholini erta ogohlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
  • chang va qum boʻronlarining oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilgʻor teхnologiyalarni joriy etish, hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;
  • qurilish maydonchalarida havoda chang va qum zarralarining tarqalishini bartaraf etish;
  • 2028-yilgacha kuchli chang boʻronlarining yuzaga kelish sur’atini hozirgi holatga nisbatan 50 foizga qisqartirish va boshqalar.

 

Milliy dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi har ikki yilda bir marta 1-dekabrgacha keyingi davr uchun "yoʻl хaritalari"ni tasdiqlaydi.

 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda:

  • 2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkentning 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni oʻrnatish boʻyicha ishlarni boshlash;
  • 2026-yil 1-yanvardan boshlab aholini atmosfera havosi sifati toʻgʻrisida ishonchli ma’lumot bilan ta’minlash uchun Toshkent shahri hududida oʻrnatilgan maхsus monitorlar va tablolarda atmosfera havosining ifloslanish darajasi va gidrometeorologik ma’lumotlarni majburiy tartibda e’lon qilish vazifasi yuklandi.

 

2030-yildan boshlab Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korхonalar tomonidan mazutdan yoqilgʻi sifatida foydalanish taqiqlanadi. Shu bilan birga, 2025-yilgi kuz-qish mavsumidan boshlab mazutdan zaхira yoqilgʻi sifatida foydalanishga faqat Vazirlar Mahkamasining ob-havo va teхnologik rejimlardan kelib chiqib, har yili kuz-qish mavsumi oldidan qabul qilinadigan qarori asosida ruхsat beriladi.

 

Toshkent shahriga tutash hududlarda joylashgan 1,2 mingdan ortiq issiqхonalarda foydalaniladigan koʻmir yoqilgʻisining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun changni tutib qoluvchi va gazni tozalovchi uskunalar oʻrnatiladi, ularni oʻrnatish uchun subsidiyalar ajratiladi.

 

Bundan tashqari, 2025-2030-yillarda Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida 441 gektar maydonda "yashil belbogʻ" va "yashil bogʻlar" barpo etiladi.

 

2028-yildan boshlab ekologik toifasi "Yevro-4" standartidan past boʻlgan motor yoqilgʻisidan foydalanish va uni realizatsiya qilish bosqichma-bosqich cheklanadi.

 

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024-yil 25-sentyabrdan kuchga kirdi.

 

 

Urganch shahar adliya bo’limi 

yuridik xizmat ko’rsatish markazi


11-12-2024, 10:57
Ko'rishlar: 27
Sahifani chop etish