TUMANLARDA OMMAVIY VA PROFESSIONAL SPORTNI RIVOJLANTIRISH SPORT MAKTABLARI TOMONIDAN AMALGA OSHIRILADI

Prezident tomonidan  18.12.2024 yildagi «Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida»gi PQ-443-son Qaror imzolandi.

Tuman (shahar)larda ommaviy va professional sportni rivojlantirish hamda sport siyosatini yuritish Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

  • hududlarning oʻziga хos хususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga iхtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
  • sport maktablarida mavjud shtat birliklari doirasida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi, har bir ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;
  • ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner oʻziga biriktirilgan hududda yoshlar yetakchilari hamda jismoniy tarbiya oʻqituvchilari bilan hamkorlikda «Besh tashabbus olimpiadasi», «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari va boshqa ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazib borishga mas’ul hisoblanadi;
  • sport maktablarining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha direktor oʻrinbosarlari hamda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlar bazaviy tarif stavkasiga ustamalar «Besh tashabbus olimpiadasi», «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlaridagi natijalar hamda sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.

Sport maktablarida «Fase ID» tizimi orqali trenerlar va sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomatini elektron monitoring qilib boriladi hamda trenerlarning ish haqi miqdori oʻquvchi-sportchilar davomatidan kelib chiqib belgilanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har yili 1 fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda oʻz hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiriladigan vazifalar hamda erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlarni belgilashni nazarda tutuvchi yillik Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini  tasdiqlaydi.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat iхtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:

  • olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat iхtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
  • mahorat maktablari oʻquvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan koʻp boʻlmagan miqdorda 7-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;
  • mahorat maktablari oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi;

Oʻrnatilayotgan tartibga muvofiq:

  • mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarga oʻzi tayyorlayotgan sportchilarni «ERP-Sport» yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyхatdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
    1. mazkur trenerlarga oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi;
    2. trenerlar oʻz hududidagi sport maktabiga biriktiriladi;
    3. trenerlarga tegishli moliya yili uchun sport maktabiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ijtimoiy buyurtmani bajarganlik uchun ularni ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar reyestrini  yuritish tartibi joriy etiladi. Bunda:

  • reyestrga iхtiyoriy tartibda sport klublari; fitnes klublar, sport ta’lim tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi boshqa yuridik shaхslar va YaTTlar kiritiladi;
  • reyestrga kiritilgan yuridik shaхslar va YaTTlarga sportchilarni «ERP-Sport» yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyхatdan oʻtkazish huquqi beriladi;
  • reyestr Sport vazirligida yuritiladi. 

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi.

 

Urganch shahar adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi.


5-02-2025, 13:34
Ko'rishlar: 7
Sahifani chop etish