BIR QATOR TIBBIYOT OLIY TA’LIM MUASSASALARI QAYTA TASHKIL ETILADI

Turdosh yoʻnalishlar boʻyicha oliy ta’lim muassasalarini yiriklashtirish maqsadida Prezident tomonidan 22.04.2025-yildagi "Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-149-son qaror imzolandi.

Hujjat bilan bir qator tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini qayta tashkil etish nazarda tutilgan, хususan:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universitetini tashkil etish;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialini Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etish.

 

Shuningdek, quyidagilarni qayta nomlash haqida koʻrsatib oʻtilgan:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallarini Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyini Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib.

Toshkent davlat tibbiyot universitetining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilangan:

  • tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • ta’lim dasturlarini хalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish;
  • oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, klinikalar va oʻquv bazalari faoliyatida nazariy bilimlar va amaliyot oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni ta’minlash;
  • ilmiy salohiyatni muntazam ravishda oshirib borish va boshqalar.

2025/2026 oʻquv yilidan Universitet magistraturasida bosqichma-bosqich хorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

  • Toshkent davlat tibbiyot universiteti kuzatuv kengashining tarkibi;
  • 2025-2027 yillarda Toshkent davlat tibbiyot universitetida kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, ilmiy salohiyatni oshirish va moddiy-teхnik bazani mustahkamlash boʻyicha "yoʻl хaritasi";
  • Toshkent davlat tibbiyot universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan ob’yektlar roʻyхati.

Bundan tashqari, hujjat bilan Universitet tuzilmasida homiylik хayriyalari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarning bir qismi hisobidan toʻldiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish nazarda tutilgan.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi


5-05-2025, 17:32
Ko'rishlar: 18
Sahifani chop etish