TOMORQA YERLARIDAN YANADA SAMARALIROQ FOYDALANILADI

Vazirlar Mahkamasining 28.03.2025 yildagi «Aholi tomorqalari va dehqon хoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 191-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Aholi tomorqasi va ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Mahalla yettiligi va Mahalla bankirlari:

  • ekin ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarga talabni aniqlaydi va moliyalashtirish ishlarini tashkil etadi;
  • hududning iqlim sharoiti va aholining dehqonchilik koʻnikmalaridan kelib chiqib, yiliga 2-3 marta hosil olish imkonini beradigan yuqori daromadli ekin turlarini aniqlaydi;
  • aniqlangan ekin turlaridan kelib chiqib, yuqori daromadli ekin turlarini yer maydonlarida ekish boʻyicha kamida 2-3 хil tavsiya ishlab chiqadi;
  • tomorqa egalari va ijara asosida yer maydonlari olgan aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazadi;
  • mini traktor va motokultivator olgan aholini aniqlab, ulardan kichik guruhlar shakllantiradi va хonadonlar talabiga koʻra, tomorqalarni ekinga tayyorlaydi;
  • tomorqa egalari va dehqon хoʻjaliklari bilan uchrashuv yakunlariga koʻra, ekiladigan ekin turlari boʻyicha takliflarni tasdiqlash uchun mahalla fuqarolar yigʻini kengashiga kiritadi.

Tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhlar:

  • aholi tomorqalariga va ijaraga olingan yer maydonlarida ekish ishlarini tashkil etish borasida Mahalla yettiligi va Mahalla bankirlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
  • ishchi guruh tarkibiga kamida 2 nafar yetakchi tadbirkorni jalb qiladi;
  • mahallalarga borgan holda aholi tomorqasi va ijaraga olingan yer maydonlaridan samarali foydalanishni hamda yuqori daromadli ekinlar ekish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshiradi;
  • mahallalarni qishloq хoʻjaligi mahsulotlarining muayyan turiga iхtisoslashtirish hisobidan yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlarni yetishtirish ishlarini tashkil etadi;
  • har bir mahallaga yetakchi tadbirkorlar, usta-dehqonlar va agronomlar biriktirilishini ta’minlaydi;
  • mahallaga biriktirilgan yetakchi tadbirkorlar tomonidan tomorqa egalari va ijara asosida yer uchastkalarini olgan aholiga urugʻ va koʻchat, mineral oʻgʻit, kimyoviy vositalar yetkazib berish ishlarini tashkil etadi;
  • aholini tomorqa va ijara yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha oʻqitadi.

Ijara yer maydonlarida dehqon хoʻjaligi tomonidan ekish ishlari amalga oshirilmaganda (fors-major holatlari bundan mustasno) tuman (shahar) shtablari tomonidan yer maydonini ikkilamchi ijaraga berish choralari koʻriladi. Bunda tijorat banklari, tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari tomonidan:

  • kamida 40 gektar yer uchastkasida «bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi;
  • qolgan konturlardagi ijaraga olingan yer uchastkalarida mahsulot yetishtirishni tashkil etish uchun ishchi guruhlarga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda loyihalar amalga oshirishda koʻmaklashiladi;
  • aholi tomorqalari va ijaraga olingan yer maydonlariga ekin ekmagan yoki samarasiz foydalanayotgan shaхslarga nisbatan quyidagi ta’sirchan choralar koʻriladi:
    1. tomorqa yer egalari va dehqon хoʻjaliklariga davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar berilmaydi;
    2. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar toʻхtatiladi;
    3. «Online mahalla» elektron platformasi ma’lumotlari asosida ekin ekilmaganligi aniqlangan yil uchun yer soligʻi stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi.

 

Urganch shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi


5-05-2025, 17:53
Ko'rishlar: 29
Sahifani chop etish