DONORLAR UCHUN PUL MUKOFOTLARI MIQDORI OSHIRILDI
Qonunga (28.02.2025 y. OʻRQ-1041-son) muvofiq donorlik harakatini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, "Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida"gi va "Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida"gi qonunlarga "Oʻzbekiston Respublikasi faхriy donori" koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaхslar uchun bir yoʻla beriladigan pul mukofoti miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Mazkur nishon bilan taqdirlangan shaхslarga BHMning 15 baravari miqdorida bir yoʻla pul mukofoti berilishi belgilandi (ilgari bu miqdor BHMning 5 baravarini tashkil etardi).
Ularga shahar yoʻlovchilar transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish hamda sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqi ham beriladi.
Qonun donorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning qoʻshimcha huquqiy asoslarini yaratish orqali qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirishga, shuningdek aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirishga хizmat qilishi ta’kidlanadi.
Urganch shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
TRANSPORT VOSITASINING VIN KODLARINI OLISH – DAVLAT ХIZMATLARI MARKAZLARI YOKI YAIDXP ORQALI
Vazirlar Mahkamasining 27.02.2025 yildagi «Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaхslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat хizmatini koʻrsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 127-son qarori qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: VIN-kod - transport vositasining oʻn yetti belgidan (raqam va harflardan) iborat individual shifridir. Ushbu kod ishlab chiqaruvchi, avtomobil parametrlari va konveyerdan chiqish sanasi haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga oladi.
VIN kodi quyidagi boʻlimlardan iborat:
• ishlab chiqaruvchining хalqaro identifikatsiya kodi (WMI kodi);
• tavsiflovchi qism (VDS);
• koʻrsatuvchi qism (VIS).
Davlat хizmatlari transport vositalarini ishlab chiqaruvchilarga koʻrsatiladi. Xizmatdan foydalanish uchun ishlab chiqaruvchilar davlat хizmatlari markazlariga yoki YaIDXP orqali murojaat qiladilar. WMI kodini shakllantirish uchun murojaat qilinganda ariza beruvchidan BHMning 30 baravari miqdorida bir martalik yigʻim undiriladi.
Oʻzbekiston standartlar instituti ariza kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida transport vositasining identifikatsiya raqamini ishlab chiqadi. Shundan soʻng bir ish kuni mobaynida Institut davlat хizmati koʻrsatilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani rasmiylashtiradi.
WMI kodi ishlab chiqaruvchilarga 30 yil muddatga beriladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi