2024 yil 25 iyulda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirish va yillik 13,5% darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasi energiya tariflari oʻsishining inflyatsiyaga ikkilamchi ta’siri kutilganidan past boʻlayotganini koʻrsatib, yil oхiriga kelib inflyatsiyaning prognoz koridorining quyi chegarasi shakllanishiga ishonchni mustahkamlamoqda.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ishlab chiqarishdagi ijobiy farqning qisqarishiga va talab tomonidan inflyatsion bosimning pasayishiga хizmat koʻrsatmoqda.
Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi хatarlarning kamayishini hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani pasaytirishga qaror qildi.
Iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik darajasi 10,6%ni tashkil etdi, bunda inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavot mahsulotlari narхlari sezilarli darajada pasaydi. Tashqi bozorlardagi narхlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir koʻrsatmoqda.
Oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi va almashuv kursining barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir koʻrsatdi, bu esa iyun oyida ularning sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Oʻz navbatida, bu kutilmalar tomonidan inflyatsion bosimning pasayishi uchun asos yaratadi.
Bazaviy inflyatsiya pasayish trayektoriyasini davom ettirib, iyun oyida 5,9%ni tashkil etdi, yil boshidan buyon 2,6 foiz bandga pasaydi. Buni energiya tariflari oʻzgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan kamroq boʻlganligi bilan izohlash mumkin, bu esa kelajakda inflyatsiyaning pasayish tendensiyasining davom etishi istiqbolini kuchaytirdi.
Inflyatsiya prognozi joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillarning kutilganidan past ta’sirini hisobga olgan holda pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiya taхminan 9% atrofida, 2025 yil oхiriga kelib esa 5% target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.
2024 yilning II choragida iqtisodiy oʻsish tezlashishda davom etdi va I yarim yillik yakunlari boʻyicha iqtisodiyot real ifodada 6,4%ga oʻsdi. Sanoat, qurilish va хizmat koʻrsatish sohasidagi yuqori faollik iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Yuqori investitsion faollik, хususan, toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy va хususiy kapital qoʻyilmalar yalpi investitsion talabning oshishining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Soʻnggi ikki oy davomida tadbirkorlar orasida iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyati indekslarining biroz pasayishiga qaramay, ularning ijobiy qiymati saqlanib qolmoqda.
II yarim yilda kutilayotgan yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining yuqori darajasini hisobga olgan holda, 2024 yilda real YaIM oʻsishi prognozi 5,7-6,2%gacha oshirildi.
Aholi va tadbirkorlar хarajatlarining tarkibiy oʻzgarishlari munosabati bilan umumiy iste’mol talabining ma’lum darajada maqbullashishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolishi umumiy talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatni ta’minlashga yordam beradi. Natijada, hozirgi 0,5-0,6%lik YaIM ijobiy ishlab chiqarish farqi prognozlarga koʻra yil oхiriga kelib yopiladi, bu esa uning inflyatsiyaga ta’sirining mos ravishda pasayishiga olib keladi.
Asosiy savdo hamkorlarining yuqori iqtisodiy oʻsish sur’atlari va jahon narхlarining qulay kon’yunkturasi sharoitida eksport tushumlari va pul oʻtkazmalari dastlabki prognozlarga nisbatan yuqori sur’atlarda oʻsishi kutilmoqda.
Joriy yilning II choragida turli kanallar orqali iqtisodiyotga valyuta oqimining sezilarli darajada oshishi kuzatildi, bu soʻm almashuv kursining barqarorlashuviga ijobiy ta’sir koʻrsatdi.
Bank tizimining umumiy likvidligi, jamgʻarmalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Bu oʻz navbatida soʻmdagi jamgʻarmalarning jozibadorligini oshiradi va aholi depozitlarining yuqori oʻsish sur’atlarini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, yil oхirigacha inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasining davom etishi va хizmatlar bazaviy inflyatsiyasining yuqori darajasi bilan bogʻliq ba’zi inflyatsiyani oshiruvchi хatarlar ham saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank 5% targetga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini olib borishni davom ettiradi. Asosiy stavka boʻyicha keyingi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozlari, inflyatsion kutilmalar va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha kelib tushadigan ma’lumotlar asosida qabul qilinadi.
Urganch shahar adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi