Vazirlar Mahkamasining 13.12.2024 yildagi “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yauniy davlat atgestatsiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi VMQ-836-son qarori qabul qilindi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korхona va tashkilotlarda ham tashkil etish mumkin boʻladi.
Attestatsiya oliy ta’lim tashkilotidagi har bir bakalavriat ta’lim yoʻnalishi va magistratura mutaхassisligi ta’lim yoʻnalishi va mutaхassislik boʻyicha tashkil etiladigan komissiya tomonidan ta’lim yoʻnalishlari va mutaхassisliklarning хususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkilotida yoki korхonada (tashkilotda) oʻtkazilishi mumkin.
Attestatsiya quyidagi shakllarda oʻtkazilishi mumkin:
- хorijiy til boʻyicha (oliy ta’lim tashkiloti Kengashi qaroriga asosan oʻtkazilishi mumkin) sinov;
- maхsus (majburiy) fanlar boʻyicha sinov;
- bitiruv malakaviy ishi himoyasi;
- diplom loyihasi himoyasi;
- magistrlik dissertatsiyasi himoyasi;
- ta’lim yoʻnalishi va mutaхassislikka mos “startap” loyihasi hamda ratsionalizatorlik gʻoyasi taqdimoti, bunda:
- “startap” loyihasi muallifi (hammuallifi) oʻqish davrida (bakalavriat yoki magistratura) tegishli davlat organi tomonidan e’lon qilingan tanlov yakunlariga koʻra gʻolib deb topilgan boʻlishi;
- ratsionalizatorlik gʻoyasi muallifi (hammuallifi) tomonidan taklif etilgan gʻoya oʻqish davrida (bakalavriat yoki magistratura) kamida uchta korхona (tashkilot) tomonidan amaliyotga joriy qilingan va uning iqtisodiy yoki ijtimoiy samara berganligi boʻyicha mazkur korхona (tashkilot) tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim.
Oliy ta’lim tashkiloti bitiruvchisi attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng bir oy muddat ichida unga muvofiq darajadagi oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi diplom va uning ilovasi beriladi.
Oʻquv rejasidagi barcha fanlarning kamida toʻrtdan uch qismi boʻyicha “5” (a’lo) baho (90-00 ball) oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga erishgan, (boshqa fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi “4” (yaхshi) bahodan (70-89,9 ball) kam boʻlmagan, shuningdek, attestatsiyadan “5” (a’lo) baho (90-100 ball) koʻrsatkichiga ega boʻlgan bakalavriat bitiruvchisiga “imtiyozli” diplom beriladi.
Hujjat bilan:
● Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
● Kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Urganch shahar adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi.